Aniq vaqt

GАZ TА’MINOTI TIZIMIDА METROLOGIYA: АNIQLIK, SHАFFOFLIK VА ISHONCH KАFOLАTI

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda energetika sohasini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va inson omilini kamaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlarda metrologiya sohasi alohida ahamiyat kasb etib, gaz ta’minoti tizimida aniqlik, shaffoflik va ishonchlilikni ta’minlashning muhim omiliga aylanmoqda.

Ayniqsa, gaz ta’minoti kabi keng qamrovli sohada har bir o‘lchovning aniqligi, har bir hisob-kitobning ishonchliligi hamda har bir uskunaning soz holatda ishlashi tizim barqarorligi va iste’molchilar manfaatini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Shu maqsadda “Hududgazta’minot” AJ tizimida so‘nggi yillarda metrologiya sohasini tubdan takomillashtirish, uni zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jamiyatning 2025-yil 31-yanvardagi tegishli buyrug‘iga muvofiq, turli boshqarmalarda tarqoq holda faoliyat yuritib kelgan metrologiya yo‘nalishidagi shtat birliklari umumlashtirilib, yagona Metrologik ta’minot boshqarmasi tashkil etildi. Mazkur boshqarmaga tanlov asosida 376 nafar muhandis-metrolog ishga qabul qilinib, sohada yagona tizimli boshqaruv shakllantirildi.

Metrologiya – bu faqat hisoblagichlarni tekshirish emas. Bu eng avvalo, aniq o‘lchovlar orqali tizim samaradorligini ta’minlash, yo‘qotishlarni kamaytirish, tafovutlarning oldini olish, nosozliklarni barvaqt aniqlash va iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish demakdir. Zamonaviy metrologiya bugun raqamli texnologiyalar bilan chambarchas bog‘lanib, gaz ta’minoti tizimini intellektual boshqarishning muhim qismiga aylanib bormoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-sentabrdagi PQ-4840-sonli qaroriga muvofiq, aholi va ulgurji iste’molchilardagi eskirgan hisoblagichlar o‘rniga onlayn ma’lumot uzatadigan va masofadan boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunalari bosqichma-bosqich o‘rnatilmoqda. Bu esa iste’mol hajmlarini real vaqtda kuzatish, aniq tahlil qilish va noqonuniy holatlarni barvaqt aniqlash imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.

Bugungi kunda muhandis-metrologlar zamonaviy axborot texnologiyalari orqali ish joyidan chiqmagan holda butun respublika bo‘ylab iste’molchilarning gaz sarfi ma’lumotlarini tahlil qilish, hisobotlarni shakllantirish va nosoz hisoblagichlarni aniqlash imkoniyatiga ega. Shu bilan birga, metrologik nazorat orqali tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini erta bosqichda aniqlash va ularning oldini olishda ham muhim natijalarga erishilmoqda.

Sohada kadrlar salohiyatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2025-yil davomida 80 nafar metrolog O‘zbekiston milliy metrologiya institutida malaka oshirish kurslarida ishtirok etib, maxsus sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. 2026-yilda esa yana 100 nafardan ortiq mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olingan. Shuningdek, Jamiyat qoshidagi o‘quv markazida tajribali mutaxassislar ishtirokida amaliy va uslubiy seminarlar muntazam tashkil etilmoqda.

Albatta, bu kabi yutuqlar ortida o‘z kasbiga sadoqatli, yuqori bilim va tajribaga ega muhandis-metrologlar mehnati mujassam. Bugungi kunda ular nafaqat hisoblagichlar aniqligini ta’minlayotgan, balki butun gaz ta’minoti tizimining ishonchli va barqaror ishlashiga munosib hissa qo‘shayotgan soha fidoyilari sifatida faoliyat yuritmoqda.

Xulosa qilib aytganda, metrologiya – bugungi kunda nafaqat o‘lchashlar tizimi, balki shaffoflik, adolatli hisob-kitob, xavfsizlik va raqamli transformatsiyaning muhim omili hisoblanadi. Gaz ta’minoti sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va raqamlashtirish jarayonlari esa metrologiya tizimini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Fursatdan foydalanib, barcha muhandis-metrologlarni kasb bayrami – Butunjahon metrologiya kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman. Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy farovonlik, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin!

“Hududgazta’minot” AJ Boshqaruv raisi
Xodjayev Marufxon Maqsudovich

Yangi maqolalar

Korruptsiyaga qarshi kurash

Biz korruptsiyaga qarshimiz

Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti direktorining korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha murojaati
Batafsil