O‘zbekiston milliy metrologiya instituti ilm-fan va sanoat integratsiyasini rivojlantirish, milliy standartlar tizimini takomillashtirish hamda o‘lchashlarning aniqligi va barqarorligini ta’minlash yo‘nalishida keng ko‘lamli faoliyat olib bormoqda. Institutda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot natijalari amaliyotga samarali joriy etilib, tarkibiy bo‘linmalarning xalqaro standartlar va zamonaviy metrologik talablarga muvofiqligi izchil ta’minlanmoqda. Shu jumladan, institut tarkibidagi Bosim va sarfni o‘lchash bo‘limi alohida o‘rin egallab, bugungi kunda uning rivojlanish jarayonidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirishda metrologiyaning ahamiyati beqiyos bo‘lib, neft-gaz, mashinasozlik, aviatsiya, metallurgiya, qurilish va tibbiyot kabi sohalarda qo‘llanilayotgan o‘lchash vositalarini kalibrlash va qiyoslash ishlari mazkur bo‘lim tomonidan zamonaviy metrologik talablar asosida muntazam amalga oshirilmoqda.
Hozirda bo‘limda bosim hamda sarf oqimi yo‘nalishlari bo‘yicha metrologik tekshiruvlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, o‘lchash aniqligini oshirish va ishonchliligini ta’minlashga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar izchil davom ettirilmoqda. Bo‘lim faoliyati davlat ahamiyatiga ega o‘lchash jarayonlarini qamrab olib, ularni zamonaviy va takomillashgan usullar asosida bajarish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Bo‘limda ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanuvchi malakali mutaxassislar faoliyat yuritib, ularning ishlari bo‘limning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda falsafa doktori (PhD Doctor of Philosophy) ilmiy darajasiga ega mutaxassisning faoliyati institut ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlovchi muhim omillardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, bo‘limda uchta milliy boshlang‘ich etalon mavjud bo‘lib, ular o‘lchashlarning yuqori aniqligi va barqarorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi:
• Gaz sarfi birligining milliy boshlang‘ich etaloni 0,01 dan 250 m3/h bo‘lgan diapazonda aniq o‘lchashlarni ta’minlaydi.
• Oqimdagi suyuqlik massasi birligining milliy boshlang‘ich etaloni 0,005 dan 630 m3/h bo‘lgan keng diapazonda yuqori aniqlikni ta’minlaydi.
• Suyuqlikning hajmiy sarfi birligining milliy boshlang‘ich etaloni 0,02 dan 200 m3/h bo‘lgan qiymatlar oralig‘ida barqaror o‘lchash natijalarini beradi.
Bo‘lim tomonidan Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosining KCDB bazasida kalibrlash va o‘lchash imkoniyatlari (CMC qatorlari)ni e’lon qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, Osiyo–Tinch okeani metrologiya dasturi (APMP) doirasida APMP.TCFF kalit taqqoslash ishlari amalga oshirilmoqda. Euro-Osiyo Metrologiya Hamkorligi (COOMET) doirasida esa COOMET.M.FF-S11, COOMET.M.FF-S1 hamda COOMET 910/UZ/24 loyihalari asosida gaz va suyuqlik oqimi yo‘nalishida CMC qatorlarini shakllantirish ishlari davom etmoqda. Bo‘lim jamoasi erishilgan natijalarni taqdim etishdan mamnun ekanini bildiradi hamda 2026-yil Metrologiya kuni munosabati bilan barcha hamkorlar va soha mutaxassislarini samimiy tabriklaydi.
Metrologiya — aniqlik, ishonchlilik va taraqqiyotning mustahkam asosi hisoblanadi. Har bir o‘lchov ortida chuqur ilmiy izlanishlar va yuksak mas’uliyat mujassam. Sizlarning fidokorona mehnatingiz tufayli ilm-fan va sanoat izchil rivojlanib bormoqda. Sizlarga mustahkam sog‘liq, barqaror muvaffaqiyat va sharafli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilaymiz.