Aniq vaqt

Ohangaronda “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi bo’lib o’tdi

14–15 may kunlari Ohangaron shahrida “Milliy sanoat zanjiri” sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazma doirasida tog‘-kon sanoati, metallurgiya va geologiya yo‘nalishlariga oid yuqori texnologik mahsulotlar, innovatsion startaplar, ilmiy ishlanmalar hamda istiqbolli loyihalar namoyish etilmoqda.

Tadbirning asosiy maqsadi — mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, xususiy sektor va yirik sanoat korxonalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, tadbirkorlarni davlat xaridlariga faol jalb etish hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy metrologiya instituti bu yil o‘zining ilmiy-texnologogik va konstruktorlik ishlanmalari hamda yangi loyihalari bilan ishtirok etdi.

Shuningdek, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A. Jumanazarov tadbirga tashrif buyurgan MISiS Fan va texnologiyalar universitetining Olmaliq filiali talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida yoshlarning ilm-fanga qiziqishi, innovatsion g‘oyalari va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, sanoat va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish hamda ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv yoshlarning bilim va salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy sanoat jarayonlariga keng jalb etish hamda innovatsion fikrlashni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.