Aniq vaqt

Fransiya elchisi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Texnik tartibga solish agentligi direktori A. Jumanazarov Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Valid Fuk bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda elchi Valid Fuk O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganidan mamnunligini bildirdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 50 dan ortiq fransuz kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, rivojlanayotgan ishbilarmonlik muhitiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Jumladan, energetika, infratuzilma, atrof-muhitni muhofaza qilish, aviatsiya, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va turizm sohalarida Orano, SUEZ, Veolia, TotalEnergies, Voltalia, EDF, Lactalis, Airbus, MND kabi dunyoga mashhur kompaniyalar faoliyat olib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash, grantlar va texnik ko‘makni jalb etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot davomida Fransiya standartlashtirish tashkiloti (AFNOR) hamda Fransiya milliy metrologiya instituti (LNE) bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar yuzasidan ham ma’lumot berildi.

Shuningdek, Jahon savdo tashkilotiga a’zo mamlakatlar bozoriga kirishda standartlarning o‘rni va roli, milliy qonunchilikni JST bitim, qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish, “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Fransiya taraqqiyot agentligi hamda Yevropaning texnik ko‘magi va grant dasturlaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. Yevropa Ittifoqining GSP+ umumiy preferensiyalar tizimi hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasida malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti laboratoriyalari faoliyati hamda etalonlarni rivojlantirishga qaratilgan texnik baza bilan yaqindan tanishtirildi. Milliy etalonlarni saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha yaratilgan infratuzilma hamda laboratoriyalardagi shart-sharoitlarning xalqaro standartlar va me’yoriy talablariga mosligi elchi Valid Fuk tomonidan e’tirof etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha kelishib oldilar.

Yangi maqolalar

Korruptsiyaga qarshi kurash

Biz korruptsiyaga qarshimiz

Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti direktorining korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha murojaati
Batafsil