Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti Fargʻona filialida haftaning har payshanba kuni anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Yoshlar bilan uchrashuv kuni” doirasida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbirda Fargʻona davlat texnika universitetining sohaga oid yoʻnalishlarda tahsil olayotgan iqtidorli talabalari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida filial mutaxassislari tomonidan talabalarga metrologiya sohasining bugungi kundagi ahamiyati, uning ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish tizimidagi oʻrni, shuningdek, zamonaviy rivojlanish tendensiyalari haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Xususan, filial tasarrufidagi kalibrlash va qiyoslash laboratoriyalarida olib borilayotgan amaliy ishlar, zamonaviy oʻlchov vositalari va ularning aniqligini taʼminlash jarayonlari haqida tushuntirishlar berildi.
Talabalar laboratoriyalar faoliyati bilan bevosita tanishib, oʻlchov vositalarini sinovdan oʻtkazish, ularni kalibrlash hamda qiyoslash jarayonlarini amaliy koʻrinishda kuzatish imkoniyatiga ega boʻldilar. Bu esa ularning nazariy bilimlarini mustahkamlash bilan birga, kelajakdagi kasbiy faoliyatlari uchun muhim tajriba boʻlib xizmat qildi.
Mazkur uchrashuv yoshlarning kasbga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish, ularni zamonaviy bilim va koʻnikmalar bilan qurollantirish hamda soha uchun malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.