2026 yil 22 aprel kuni OIML (Xalqaro qonunlashtiruvchi metrologiya tashkiloti) doirasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda BIML direktori Anthony Donnellan, BIML xodimi Janet Miles hamda OIML CS bo‘yicha mas’ul Paul Dixon va O‘zbekiston milliy metrologiya instituti bosh metrologi N.Raymjonov ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning OIML tizimidagi ishtiroki, a’zolik maqomini kengaytirish, shuningdek OIML-CS tizimida qatnashish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, texnik qo‘mitalar (TC/SC) faoliyatida ishtirok etish va ushbu mexanizmlarni milliy qonunchilik hamda amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonning OIMLdagi joriy korrespondent a’zolik maqomini to‘liq a’zolikka o‘zgartirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, korrespondent a’zolar CIML yig‘ilishlarida faqat kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi va ovoz berish huquqiga ega emas. To‘liq a’zolik esa qaror qabul qilish jarayonlarida bevosita ishtirok etish, xalqaro tashabbuslarni ilgari surish va texnik ishlarda faol qatnashish imkonini beradi.
Shuningdek, OIML-CS tizimining ahamiyati alohida ta’kidlandi. Uning asosiy maqsadi — milliy tasdiqlash jarayonlarida ortiqcha qayta sinovlarni kamaytirish, tipni baholash va tasdiqlash ishlarini tezlashtirish hamda xalqaro savdoni yengillashtirishdan iborat. Ushbu tizimda ishtirok etish O‘zbekiston uchun o‘lchash vositalari bo‘yicha takroriy sinovlarni qisqartirish, tashqi bozorlarga chiqish jarayonlarini soddalashtirish va milliy amaliyotni xalqaro standartlarga yaqinlashtirish imkonini beradi.
Texnik qo‘mitalar faoliyati doirasida ham muhim jihatlar muhokama qilindi. OIMLning texnik hujjatlari va tavsiyalari aynan ushbu qo‘mitalar hamda ular huzuridagi loyiha guruhlari orqali ishlab chiqiladi. Shu nuqtai nazardan, amaliy loyihalar olib borilayotgan qo‘mitalarda ishtirok etish O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega. Bu orqali mamlakat xalqaro muhokamalarda faol qatnashib, verifikatsiya va kalibrlash sohalaridagi yondashuvlarni shakllantirishda o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.