Joriy yilning 22-24-aprel kunlari “Davlat metrologiya muassasalarining Yevroosiyo hamkorligi” (COOMЕT) “Ionlashtiruvchi nurlanishlar va radioaktivlik” 1.9 texnik qo‘mitasining (TQ 1.9) 22 – yig‘ilishi Belarus Respublikasi Minsk shahrida bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur yig‘ilish gibrid formatda tashkil etilgan bo‘lib, unda Yevroosiyo mintaqasining yetakchi milliy metrologiya institutlari (Belarus, Rossiya, Oʻzbekiston, Xitoy, Kuba, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Slovakiya va Moldova) soha ekspertlari va mintaqaviy metrologiya tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir davomida ionlashtiruvchi nurlanishlar va radioaktivlik o‘lchash sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, standartlashtirish va o‘lchash natijalarining ekvivalentligini ta’minlashga qaratilgan dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Yig‘ilishda qator loyihalar jumladan Oʻzbekiston milliy metrologiya institutining tashabbusi bilan COOMET doirasida roʻyxatga olingan COOMET.RI(II)-S3 va 911/UZ/24 loyihalar boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan hisobotlar eshitildi.
Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti Ikkilamchi etalonlar dozimetriya laboratoriyasi (OʻzMMI SSDL) tomonidan qisqa muddat ichida texnik qoʻmita faoliyatida faol ishiroklari hamda Xalqaro o‘lchov va tarozilar byurosining (BIPM) asosiy solishtirishlar ma’lumotlar bazasida (KCDB) jami 7 ta CMC-qatorlarni rasman ro‘yxatga olinganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Ushbu yig‘ilish COOMET doirasida sohaning ilmiy-texnik salohiyatini oshirish, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun yig‘ilishning ikkinchi kuni.