Joriy yilning 14–16 aprel kunlari Polsha Respublikasining Varshava shahrida Polsha Milliy metrologiya instituti (GUM)da Metologiya institutlarining Yevropa assotsiatsiyasi (EURAMET)ning Akkustika, ultratovush va tebranishlar bo‘yicha texnik qo‘mitasi (TCAUV)ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti (O‘zMMI) vakillari faol ishtirok etib, sohadagi dolzarb masalalar muhokamasida qatnashdilar.
Yig‘ilish davomida Xalqaro o‘lchov va tarozilar byurosi (BIPM), EURAMET hamda IEC TC29 va ISO TC 108 texnik qo‘mitalarining so‘nggi yillarda amalga oshirgan ishlari, ilmiy loyihalari va EURAMET TCAUVning istiqboldagi rivojlanish strategiyasi yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, O‘zMMIning akustika va tebranish laboratoriyalari faoliyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. EURAMET.AUV.V-K5.1 asosiy solishtirishida institut tebranish laboratoriyasining ishtiroki hamda kelgusida rejalashtirilayotgan xalqaro solishtirishlar muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar GUMning yangi laboratoriyalar majmuasi bilan tanishib, uning zamonaviy texnik bazasi, kalibrlash va o‘lchash imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot oldilar.
Ma’lumot uchun: O‘zMMI vakillarining ushbu tashrifi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Germaniyaning Federal fizika-texnika instituti (PTB) o‘rtasida amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun milliy sifat infratuzilmasini isloh qilish va xizmatlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida PTB tomonidan moliyalashtirildi.