Aniq vaqt

Tarixiy burilish: 13-aprel — O‘zbekiston metrologiyasi uchun muhim sana

2025 yil 27 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Xalqaro metrik Konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi Qonun imzolangan edi. Mazkur hujjat O‘zbekistonning xalqaro metrologiya tizimiga integratsiyalashuvida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi. Ushbu qadam orqali mamlakatimiz 1875 yilda tashkil etilgan nufuzli Xalqaro metrik Konvensiyaning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

2026 yil 13 aprel kuni esa ushbu jarayon o‘zining mantiqiy yakuniga yetdi — O‘zbekiston rasman Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi (BIPM)ning to‘laqonli a’zosi bo‘lganligi e’lon qilindi. Bu voqea mamlakatimiz metrologiya sohasi uchun beqiyos ahamiyatga ega bo‘lib, xalqaro o‘lchov standartlarini shakllantirishda ishtirok etish, BIPM va uning konsultativ qo‘mitalari faoliyatida to‘laqonli qatnashish, milliy mutaxassislarning xalqaro darajada malaka oshirishi, o‘lchashlar birligini xalqaro talablar asosida ta’minlash, mahsulot va xizmatlarning xalqaro bozorda raqobatbardoshligini oshirish, investorlar ishonchini mustahkamlash va eksport salohiyatini kengaytirish, xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlarni yaxshilashga zamin yaratadi.

Shuningdek, O‘zbekiston BIPM CCs yig‘ilishlarida ishtirok etish, ovoz berish va saylovlarda o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega bo‘ldi. Konvensiyaga qo‘shilish mamlakatimizda aniq, ishonchli va xalqaro talablarga javob beradigan o‘lchash tizimini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida xalqaro hamkorlar, investorlar va tashkilotlarning O‘zbekiston mahsulotlari, xizmatlari va sertifikatlariga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi.

2026 yil 13 aprel — O‘zbekiston metrologiyasi tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan kun. Bu nafaqat muhim voqea, balki mamlakatimizning ilmiy-texnik taraqqiyoti va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash yo‘lidagi katta yutuqdir.

Yangi maqolalar

Korruptsiyaga qarshi kurash

Biz korruptsiyaga qarshimiz

Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti direktorining korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha murojaati
Batafsil