Joriy yilning 26-27 mart kunlari Shveytsariyaning Bern shahrida Shveytsariya milliy metrologiya instituti (METAS)da Metrologiya institutlarining Yevropa assotsatsiyasi (EURAMET) Vaqt va chastota Texnik qo‘mitasi (TCTF) navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu xalqaro tadbirda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI) vakili ham ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida Xalqaro o‘lchov va tarozilar byurosi (BIPM), EURAMET va Xalqaro Telekommunikatsiya Ittifoqi (ITU) tomonidan ohirgi yillarda vaqt va chastota sohasida olib borilayotgan faoliyat, ilmiy loyihalar va yaqin kelajakdagi EURAMET TCTF strategiyasi yuzasidan muhokamalar olib borildi.
Shuningdek, O‘zMMI Vaqt va chastota laboratoriyasi faoliyati ishtirokchilarga tanishtirildi va EURAMET TCTFning Project №1519 “UTC(k) definition point and reference delay measurement strategies” ilmiy loyihasida O‘zMMI Vaqt va chastota laboratoriyasi ishtirokini ta’minlash yuzasidan kelishuvga erishildi. EURAMET kalibrlash va o‘lchash imkoniyatlari (CMC)ni texnik eskpertizadan o‘tkazuvchi ekspertlar bilan muhokamalar olib borilib, Vaqt va chastota sohasida BIPM KCDB bazasida CMC qatorlarni chop etish yuzasidan amaliy tavsiyalar olindi.
Yig‘ilish so‘ngida METAS Vaqt va chastota laboratoriyasiga tashrif buyurilib, texnik bazasi hamda kalibrlash va o‘lchash imkoniyatlari yuzasidan amaliy tajribalar ortirildi.
Ma’lumot uchun: O‘zMMI vakilining tashrifi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Germaniyaning Federal fizika-texnika instituti (PTB) o‘rtasida amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun milliy sifat infratuzilmasini isloh qilish va xizmatlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida PTB tomonidan qoplandi.