O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda Payshanba-Yoshlar kuni deb e’lon qilindi. Tadbirlar doirasida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Samarqand filiali tomonidan talabalar uchun “Aniqlik – taraqqiyot asosi” mavzusida ilmiy seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Samarqand davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori H.Xushvaqtov hamda Muhandislik fizikasi instituti direktori A.Absanov boshchiligida universitetning bitiruvchi kurs hamda magistratura bosqichi talabalari ishtirok etdilar.
Seminar davomida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Samarqand filiali mutaxassislari tomonidan metrologiya sohasini tartibga soluvchi amaldagi qonunchilik hujjatlari, sohaning iqtisodiyot tarmoqlaridagi ahamiyati, shuningdek institutda mavjud etalonlar bazasi va uning ilmiy-amaliy faoliyatdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, talabalar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Samarqand filiali hamda Samarqand davlat universiteti o‘rtasida ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, talabalarni metrologiya sohasiga keng jalb etish va qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.