O‘zbekiston milliy metrologiya institutida Germaniya Federal fizika-texnika instituti (RTV) vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Germaniya ishbilarmonlar kengashining 9-yig‘ilishi doirasida imzolangan “Yo‘l xaritasi” ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Xususan, qiymati 1,5 million dollar bo‘lgan “O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun milliy sifat infratuzilmasini isloh qilish va xizmatlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Muzokaralar davomida loyiha koordinatori Nadin Tatge hamda sifat infratuzilmasi bo‘yicha mutaxassis Klemens Sanetra bilan istiqboldagi rejalar belgilab olindi.
Germaniya Federal fizika-texnika instituti bilan hamkorlikdagi ushbu loyiha 2028-yilga qadar davom etadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — mamlakatimizda qonunlashtiruvchi metrologiya sohasini takomillashtirish, tizimga xalqaro ekspertlarni jalb etish va milliy sifat infratuzilmasini jahon standartlariga moslashtirishdan iborat.
