
⭐️ 2025-yil 16–17 oktabr kunlari Fransiyaning Sevr shahrining Xalqaro oʻlchovlar va tarozilar byurosi (BIPM) (https://www.bipm.org/en/) qarorgohida Milliy metrologiya institutlari direktorlarining va a’zo davlatlar vakillarining 24-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 120 dan ortiq davlatlardan milliy metrologiya institutlari rahbarlari, ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
⭐️ Ushbu yig‘ilishda bu yilgi e’tiborga molik jihat shundaki, Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI) (https://nim.uz/) direktori va CООMET prezidenti Lazizbek Saidoripov O‘zbekiston hamda CООMET faoliyati bo‘yicha ma’ruza taqdim etdi. U o‘z chiqishida sifat infratuzilmasini mustahkamlash, mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish va metrologiyada gorizontal integratsiya tamoyillarini rivojlantirish borasidagi tashabbuslarni bayon qildi.
Saidoripov o‘z nutqida CООMET Sifat forumi, u barcha texnik qo‘mitalar ekspertlarini birlashtiruvchi hamda metrologiyaning turli yo‘nalishlarini ISO/IEC 17025 va ISO 17034 standartlarini joriy etishning yagona madaniyati orqali bog‘lovchi muhim maydon ekanligini, raqamli transformatsiya platformasi va “Quantum-M” loyihalarini misol qilib keltirib, ular orqali metrologiya sohasida turli yo‘nalishdagi mutaxassislar va institutlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinuvi kuchayib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, CООMET, GULFMET va SIM o‘rtasidagi hamkorlik misolida milliy institutlarning xalqaro maydondagi ochiq va ishonchli muloqoti muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
🩵 Yig‘ilish doirasida, shuningdek, metrologiyaning global chaqiriqlarga javob berishdagi roli, energetika sektori uchun ishonchli o‘lchov tizimlarini yaratish, oziq-ovqat va suv xavfsizligini ta’minlashda metrologiyaning ahamiyati, hamda metrologiya tizimlarining raqamli o‘zgarishi kabi mavzular atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda xalqaro ekspertlar guruhi ishtirokida metrologiyaning turli yo‘nalishlari bo‘yicha muhim tashabbuslar, yangi yondashuvlar va tajribalar bo‘yicha fikr almashildi.
Mazkur xalqaro anjuman doirasida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti vakili Latviya, Fransiya, Xitoy, Italiya, Shveysariya, Gana, Belgiya, Saudiya Arabistoni, Ukraina va Koreya davlatlari milliy metrologiya institutlari rahbarlari bilan samarali ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
⭐️ Shuningdek, BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) (https://www.unido.org/) hamda Xalqaro atom energiyasi agentligi (IAEA) (https://www.iaea.org/)vakillari bilan ham o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur yig‘ilish O‘zbekiston milliy metrologiya institutining xalqaro metrologik hamjamiyatdagi faolligi, ochiqligi va metrologiya rivojiga qo‘shayotgan hissasining yaqqol namunasiga aylandi, shuningdek, institutning yaqinda EURAMET ga a’zolikka qabul qilinishi xalqaro hamkorlikning yangi bosqichiga o‘tganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan O‘zbekistondagi metrologiya tizimining izchil rivojlanishi va milliy salohiyatning ortib borayotgani alohida e’tirof etildi.
Mazkur xalqaro anjuman haqida batafsil ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin
➡️https://www.bipm.org/en/committees/di/partners/24-2025