![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
📖 O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston milliy metrologiya institutida O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligiga bag‘ishlangan “Jonajon o‘zbek tilim” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda “Metrologiya rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan buyuk Sharq allomalari” (I–II qism) kitob-albomining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
✅ Tadbirda agentlik hamda tizim tashkilotlari rahbar va xodimlari, falsafa fanlari doktori, professor Shaxnoza Madaeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Uchqun Tillaev, shuningdek O‘zbekiston milliy metrologiya instituti jamoasi ishtirok etdi.
✍️ Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar davlat tilining jamiyat va ilm-fan sohasidagi o‘rni haqida so‘z yuritib, metrologiya sohasining ilmiy merosini targ‘ib etuvchi yangi nashr — “Metrologiya rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan buyuk Sharq allomalari” kitob-albomi haqida batafsil ma’lumot berdilar.
📈 Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston milliy metrologiya institutida davlat tilini rivojlantirish, uning nufuzini oshirish hamda rasmiy ish yuritishda to‘laqonli qo‘llanishini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xodimlarning o‘zbek tilida ish yuritish ko‘nikmalarini mustahkamlash, ilmiy-texnik hujjatlarda davlat tilining to‘g‘ri va uslubiy jihatdan puxta qo‘llanishini ta’minlash, shuningdek, terminologiyani yagona tizim asosida shakllantirish yo‘lida muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
✅ Sohada davlat tili asoslarini chuqur va atroflicha o‘rganishni ta’minlash maqsadida “Metrologiyaning xalqaro lug‘ati (VIM)” hamda “Qonunlashtiruvchi metrologiya atamalar xalqaro lug‘ati (VIML)” ga integratsiyalashgan metrologiya sohasiga oid atamalar izohli lug‘ati va sohaga oid o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar nashr etildi. Ushbu nashrlar ilmiy hamjamiyat va sohaga aloqador mutaxassislar uchun muhim manba sifatida xizmat qilmoqda.
✅ Mazkur tadbir nafaqat o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmatni yanada mustahkamlash, balki milliy g‘urur va ma’naviyatni yuksaltirish, metrologiya sohasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk Sharq allomalarining merosini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.
✅ Til — millatning ruhi, uning o‘zligini saqlab qolish vositasidir. Jonajon o‘zbek tilimiz esa bugungi kunda ilm-fan, texnologiya va xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega bo‘layotgan, kelajak avlodni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalayotgan bebaho merosimizdir.







