![]() |
O‘lchashlar – barcha zamonlar, barcha xalqlar uchun
Metrik Konvensiyasining 150 yilligi
Har yili 20-may – Butunjahon Metrologiya kuni bizga xalqaro darajadagi uyg‘unlashtirilgan o‘lchov tizimini nishonlash imkoniyatini beradi. Bu tizim bugungi kunda Xalqaro birliklar tizimi (SI) deb nomlanadi.
Bu yil esa ayniqsa muhim, chunki Metrik Konvensiyasi imzolangani va Xalqaro Og‘irlik va O‘lchovlar Byurosi (BIPM) tashkil etilganiga 150 yil to‘ladi.
Ushbu muhim sanani nishonlash uchun 2025 yilda biz butun dunyo metrologiya hamjamiyati sifatida birlashamiz. Bir yarim asr davomida erishilgan yutuqlarni e’tirof etish va kelajakdagi global o‘lchov tizimlarining imkoniyat hamda muammolariga nazar tashlash maqsadida ushbu sanani nishonlaymiz.
Taraqqiyot va innovatsiyalar merosi
O‘lchov hayotimizning barcha jabhalarida muhim rol o‘ynaydi — savdodan tortib sog‘lig‘imizni kuzatishga, atrofimizdagi dunyoni tushunishga qadar. Metrik Konvensiyasining dastlabki imzolovchilari buni tushunib yetgan va barcha zamonlar va barcha odamlar uchun yagona va takomillashtirilgan o‘lchov tizimini yaratish kabi aniq va ulkan maqsadni oldilariga qo‘ygan edilar.
BIPM 1875-yilda tashkil etilganidan beri butun dunyoda qo‘llash mumkin bo‘lgan metr va kilogramm uchun aniq va barqaror standartlar ishlab chiqish uchun jiddiy texnologik muammolarni hal qilib kelmoqda.
XX asrga kelib, texnik talablar yanada kengaydi va harorat, yorug‘lik va elektr energiyasi kabi yangi standartlarga ehtiyoj tug‘ildi.
XXI asr boshida SI tizimini tabiatning fundamental doimiyliklariga asoslangan holda qayta yaratish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu esa o‘lchov fanini kvant davriga olib kirdi.
Aniq o‘lchov standartlari turli sohalar uchun ishlab chiqilgan sari, ilm-fan va sanoat ham rivojlandi. Shunga mos ravishda xalqaro kelishilgan standartlar ham zarur bo‘lib qoldi. Shu bois 1955-yilda Xalqaro Qonuniy Metrologiya Tashkiloti (OIML) tuzildi. U o‘lchov standartlarini milliy qonunlar va normativ hujjatlarga integratsiya qilish, butun dunyo bo‘ylab o‘lchov asboblarining yagona qo‘llanilishini ta’minlashga yordam beradi.
Kelajakka nazar
Dunyo tez o‘zgarayotganligi sababli, bizning o‘lchov tizimlarimiz ham aniq, global darajada foydalanish uchun qulay va kelajak avlodlar ehtiyojlariga javob beradigan darajada rivojlanishi zarur.
Bizning oldimizdagi asosiy vazifa — o‘lchov tizimlarini nafaqat ilmiy kashfiyotlar bilan hamnafas olib borish, balki ularning barcha millatlar uchun adolatli va ishonchli xizmat qilishini ta’minlashdir. Bu esa bizning umumiy mas’uliyatimiz va imkoniyatimizdir.
Sizni ushbu tarixiy yutuqni nishonlashga taklif qilamiz — nafaqat bosib o‘tgan yo‘limizni eslash, balki oldimizdagi qiziqarli kelajak sari birga intilish uchun!
