![]() |
Praga shahrida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning (HK) yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Chexiya Milliy metrologiya instituti (CMI) direktori Dr. Jiří Tesař bilan uchrashdi.
Muloqot davomida milliy etalonlar bazasini takomillashtirish va rivojlanishini ta’minlash, etalonlarni va eng yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini saqlab turish hamda ularni xalqaro darajada solishtirish, shuningdek, kattalik birliklarini saqlash va uzatish bo‘yicha ishlarni bajarash, o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlashga doir normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda Chexiya tajribasi boʻyicha fikrlar almashildi.
![]() |
![]() |
Shu bilan birga, metrologiya tekshiruvi natijalarini o‘zaro e’tirof etish bo‘yicha xalqaro shartnomalarni ro‘yobga chiqarishda ishtirok etish, metrologiya tekshiruvini va metrologiyaga oid faoliyat sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, metrologik xizmatlarni eksport qilish masalalari muhokama qilindi.
Yevropa Ittifoqining TAIEX, TWINNING grant dasturi doirasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, ilmiy hamkorlik, «Kvant metrologiyasi markazini barpo etish» loyihasi doirasida «Yaqin maydonli optik mikroskop» laboratoriyasini ham teng ulushli hamkor sifatida amalga oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
![]() |
![]() |
Chexiya Milliy metrologiya instituti (CMI) faoliyati va etalonlarni rivojlantirishga qaratilgan laboratoriyalar texnik bazasi, ulardan foydalanish bo‘yicha yaratilgan infratuzilma bilan yaqindan tanishildi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar ilm-fan, ilmiy texnik hamkorlik yuzasidan hujjat imzolashga kelishdilar, shuningdek, bundan buyon ham O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida soha yo‘nalishida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatni ishga solishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.




