Aniq vaqt

O‘zbekistonlik yosh metrologlar Fransiyadagi nufuzli xalqaro yozgi maktabda malaka oshirmoqda

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI) xodimlari jahon metrologiyasining eng yuqori bo‘g‘inlarida tajriba almashishni boshladi. Institutning ikki nafar mutaxassisi Fransiya Respublikasining Sevr shahrida joylashgan Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosi (BIPM) bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan nufuzli yozgi maktabda ishtirok etmoqda.

Joriy yilning 29-iyunidan 2-iyuligacha davom etadigan ushbu tadbir “CIPM MRA Summer School: Supporting RMO TC/WG Chairs (CBKT-Future-Leaders)” deb nomlanib, unda qatnashish uchun butun dunyodan saralab olingan cheklangan miqdordagi eng iqtidorli mutaxassislar qatorida o‘zbekistonlik vakillar ham joy olgani alohida e’tirofga loyiq.

Hozirgi kunda O‘zbekiston vakillari ushbu xalqaro maktab doirasida mintaqaviy metrologiya tashkilotlarining texnik qo‘mita raislariga zarur bo‘lgan eng ilg‘or nazariy bilimlarni o‘zlashtirmoqdalar. Shuningdek, ular dunyoning yetakchi ekspertlari bilan birgalikda interfaol amaliy mashg‘ulotlarda qatnashib, o‘zaro tajriba almashishmoqda.

Ushbu nufuzli yozgi maktabni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — mintaqaviy metrologiya tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yosh, yangi saylangan raislar yoki texnik qo‘mita hamda ishchi guruh raisligi uchun nomzod sifatida ko‘rilayotgan mutaxassislarning malakasini oshirishdir. Shu bilan birga, tadbir texnik qo‘mitalarda yuzaga keladigan murakkab muammolar va ularning eng samarali yechimlari bo‘yicha global miqyosda fikr almashish maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekistonlik mutaxassislarning bunday yuqori darajadagi maktabda bilim olishi kelgusida mamlakatimiz milliy metrologiya tizimining xalqaro miqyosdagi o‘rnini yanada mustahkamlashga va dunyo standartlari bilan integratsiyalashuvini jadallashtirishga xizmat qiladi.