O‘zTTSA “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” Bosim va sarfni o‘lchash bo‘limi laboratoriyasida qiyoslash ishlari bajarilmoqda. Ushbu laboratoriyada Rossiyadan keltirilgan qon bosimi va puls chastotasini o‘lchash kanallarini qiyoslash UPKD-3 rusumidagi yuqori aniqlikdagi uskuna bilan jihozlangan. Bu namunaviy uskunaning o‘lchash ko‘lami 0 dan 300 mmHg gacha bo‘lgan havo bosimini tashkil etib, xatolik chegaralari, ±0,5% mmHg dan iborat.
UPKD-3 uskunasi qon bosimi va yurak urish tezligini o‘lchash uchun tibbiyot muassasalari va xonadonlarda ishlatiladi. Bu o‘lchash uskunasi orqali inson qon tomiridagi qon bosimi me’yori va yurak urishi tezligini nazorat qilish mumkin. Shu o‘rinda ushbu uskunaning to‘g‘ri va aniq ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi. Uskunaning to‘g‘ri ishlayotganligi esa metrologik tekshiruv orqali aniqlanadi.
Bugungi kunda laboratoriya xodimlari tomonidan O`z DSt 8.089:2020 standarti asosida qon bosimi va yurak urish tezligini o‘lchash vositalarini qiyoslash ishlari amalga oshirilmoqda. Endilikda xalqaro metrologiya institutlari o‘rtasida o‘lchashlar natijalarini solishtirish bo‘yicha faoliyat olib borilib, xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tish eng asosiy maqsad qilib olingan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu uskuna orqali hamkor korxona va tashkilotlarga, joyiga chiqgan holda metrologik sayyor xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud.