Aholi uchun muhim qulaylik

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-avgustdagi “Yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 698-son qaroriga asosan, energo resurslarni (elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni) hisobga olish uskunasini yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish boʻyicha Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Ushbu qaror boʻyicha elektr, gaz, issiq va sovuq suv oʻlchash vositalari metrologiya xizmati koʻrsatish korxonasi Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan qiyoslashdan oʻtkaziladi.

Hisoblagichlarni qiyoslashdan oʻtkazish uchun yechib olish va qiyoslash ishlari yakunlangandan soʻng joyiga oʻrnatish ishlari faqatgina taʼminotchi korxonalar tomonidan isteʼmolchi bilan kelishilgan vaqtda, uning ishtirokida tegishli dalolatnoma tuzgan holda bajariladi.

Diqqat qiling, xonadon egasi uydagi oʻlchash vosita (hisoblagich)larini yechib olish, metrologiya xizmatiga taqdim etish va qayta oʻz oʻrniga oʻrnatish tashvishlaridan ozod qilingan. Barcha harakatlar isteʼmolchining birgina murojaati va belgilangan toʻlovi asosida tegishli korxona va muassasalar xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Elektr energiya boʻyicha – Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi

Tabiiy gaz boʻyicha – Hududiy gaz taʼminoti tashkilotlari

Suv boʻyicha – Ichimlik va issiq suv taʼminotchi korxonalar.

Hisoblagichlarni qiyoslashlararo davriyligi:

  • Jismoniy shaxslar uchun – 8 yil;
  • Yuridik shaxslar uchun – 4 yilni tashkil etadi.

(Eslatib oʻtamiz: hisobga olish uskunalariga 2019-yil 1-noyabrga qadar rasmiylashtirilgan qiyoslash sertifikatlarining amal qilish muddati oʻz kuchida qoladi).

Yuqorida qayd etilgan qaror ijrosini taʼminlash maqsadida murojaatlar bilan ishlash uchun metrologiya.nim.uz dasturiy taʼminoti yaratilgan. Ayni damda dasturiy taʼminot Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilingan boʻlib, ushbu tizimidan murojaatlar kelib tushmoqda.

Isteʼmolchilarga qulaylik yaratish maqsadida ushbu dasturiy taʼminotga yangi funksiya qoʻshildi. Ushbu funksiya yordamida qiyoslash uchun ariza bergan isteʼmolchi oʻzinig maxsus ID raqamini kiritish orqali metrologik xizmat koʻrsatish ishlari qanday statusda ekanligi yoki xulosasini olishi mumkin.

Xozirda ushbu funksiyadan koʻpgina istemolchilar hamda taʼminotchilar muntazam foydalanib kelmoqda.

Yangi dasturiy taʼminot yordamida hisoblagichlar uchun rasmiylashtirilgan sertifikat yoki xabarnomalar elektron shaklda bazada saqlangan xolda rasmiylashtirilmoqda.
Bu esa oʻz navbatida,

Bu esa oʻz navbatida,

  • Aholi uchun qulaylik
  • Rasmiylashtirilgan sertifikat yoki xabarnomani soxtalashtirishni oldini olish
  • Rasmiylashtirilgan sertifikat yoki xabarnomani istalgan vaqtda internet yordamida bazadan olish
  • Yoʻqolgan sertifikat yoki xabarnomalarni osongina yuklab olish imkoniyatlarini beradi.

Isteʼmolchilarga qulaylik maqsadida hisoblagichlarni davlat metrologik qiyoslovidan oʻtkazilgandan soʻng rasmiylashtirilgan elektron shakldagi sertifikat yoki xabarnoma asliga toʻgʻriligini tekshirish va ishonch hosil qilish uchun maxsus QR-kod tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Maxsus QR-koddan foydalanish uchun isteʼmolchi oʻz telefoni yordamida toʻrtburchak shakldagi QR-kodni skanerlasa kifoya.

Matbuot xizmati