Aniq oʻlchashlar – halollik garovi

 Bugun Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligining Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan “Aniq oʻlchashlar – halollik garovi” mavzusida islom dinida oʻlchashlar masalalari muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Davra suhbatida Xalqaro Islom akademiyasi manbaalar xazinasining direktori oʻrinbosari – Abdulloh Mallaboyev, Din ishlari boʻyicha qoʻmita xodimi – Muhammadbobur Yuldashev hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati xodimi – Abdulatif Tursunovlar ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida diniy va dunyoviy ilmlarning chambarchars bogʻliqligi, ular bir-biri bilan uygʻunlashganligi hamda oʻlchashlar aniqligining oʻrni yuzasidan qiziqarli va dolzarb masalalar oʻrtaga tashlandi.
Ushbu tadbir har bir insonni, xususan faoliyati oʻlchashlar bilan bogʻliq boʻlgan soha xodimlarini toʻgʻri yoʻl tutishga, haqqoniylikka, halollikka undash, korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslikka xizmat qiladi. Binobarin, halollik, toʻgʻrilik, poklik nafaqat dinimizda, balki maʼnaviyatimizning ham asosi hisoblanadi.Darhaqiqat, inson hayoti oʻlchashlar bilan chambarchas bogʻliq, aniq oʻlchashlar esa uning turmush farovonligiga hissa qoʻshadi. Dunyoning rivojlanishi, texnikaning taraqqiyoti, iqtisodiyotning oʻsishiga toʻgʻri va aniq oʻlchashlar orqali erishiladi. Bugungi kundagi globallashuv jarayonining asosini ham aniq oʻlchashlar belgilab bermoqda.
Birgina tibbiyot sohasiga qaraladigan boʻlsa, tashxis qoʻyish va davolash ishlarida toʻgʻri va aniq oʻlchashlar eng muhim jarayon hisoblanadi. Zero, bu oʻlchashlar inson salomatligi va uning taqdiri bilan bogʻliq.
Yurtimizda oʻlchashlar aniqligini taʼminlashga Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining “Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi masʼul hisoblanib, yurtimizda toʻgʻri va aniq oʻlchashlarni taʼminlash uchun saʼyi harakatlar davom ettirilmoqda.

Matbuot xizmati