Tarozilarni toʻgʻri va aniq ishlashi taʼminlanmoqda

Bozorlarda tarozidan foydalanish, uni saqlash, toʻgʻri va aniq ishlashini taʼminlash ishlari meʼyoriy qoidalar bilan tartibga solinadi. Ushbu qoidalarga koʻra bir qancha talablar mavjud boʻlib shulardan biri bozorda savdo qilayotgan tadbirkorlarning faqat metrologik qiyoslov koʻrigidan oʻtkazilgan, muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan oʻlchov tarozilaridan foydalanishdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-avgustdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi bozorlarida savdo faoliyatini tashkil etish qoidalari”ning 15-bandiga koʻra, savdo operatsiyalari oʻlchash-tortish vositalaridan (tarozilar, tarozi toshlari, oʻlchovli sigʻimlar, metrlar va boshqalardan) foydalangan holda amalga oshiriladigan bozorlarda metrologik qoidalar va normalar talablariga muvofiq boʻlgan oʻlchov anjomlari mavjud boʻlishi shart. Xuddi shu hujjatning 23-bandida esa bozor hududida sotuvchilar (turgʻun savdo shahobchalaridan tashqari) faqat bozor maʼmuriyati tomonidan taqdim etilgan tarozilar va boshqa oʻlchov asboblaridan foydalanishga majburligi belgilangan.
Yuqoridagi talablardan kelib chiqib Yuqori Chirchiq dehqon bozori maʼmuriyati tomonidan qilingan murojaatga asosan Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti (OʻzMMI) Chirchiq filiali mutaxassislari sayyor metrologik xizmat koʻrsatishdi. Bozorda foydalanilayotgan mavjud tarozilarning barchasi toʻliq davlat metrologiya tekshiruvidan oʻtkazildi.
OʻzMMI Surxondaryo filiali mutaxassislari ham Qumqoʻrgʻon tumanida joylashgan “Elbayon Niyoziy” MCHJga qarashli “Turon” savdo markaziga tegishli tarozilarni joyiga borgan holda metrologik qiyoslash koʻrigidan oʻtkazishdi.

Matbuot xizmati