Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti jamoasi Oʻktam Pardayevich Umurzakovning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi

Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti jamoasi atoqli olim, tajribali murabbiy, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori, Respublika Oliy taʼlim kengashi raisi, iqtisod fanlari doktori, professor Oʻktam Pardayevich Umurzakovning vafoti munosabati bilan ularning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Oʻktam Pardayevich butun hayoti va faoliyatini yurt ravnaqi, ilm-fan rivoji hamda qishloq xoʻjaligi sohasini takomillashtirish va rivojlantirishga bagʻishlab minglab shogirdlarni ulgʻaytirib, ilmiy maqolalar va uslubiyotlarning manbaini yaratdi. Yurt fidoiysi va samimiy inson, tajribali ustoz-murabbiy Oʻktam Pardayevich metrologiya yoʻnalishini rivojlantirishda ham oʻz hissasini qoʻshib, sanoat korxonalari va iqtisodiyot tarmoqlariga malakali kadrlarni tayyorlash, ilm-fan va taʼlimni ishlab chiqarish bilan integratsiyasini yanada takomillashtirish maqsadida qator ishlarni amalga oshirishda tashabbuskor boʻldi. Buning yaqqol misoli sifatida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti negizida “Metrologiya innovatsion oʻquv laboratoriyasi”ni yaratish hamda joriy yilda “Metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti yoʻnalishi”ni ochilganligini keltirish mumkin.
Ushbu qaygʻuli kunda Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti jamoasi ustoz Oʻktam Pardayevichning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur taʼziya bildiradi.