Maishiy hisoblagichlarni qiyoslash laboratoriyasi

Nurmuxamedov Najmiddin
Kamalitdinovich

Maishiy hisoblagichlarni qiyoslash laboratoriyasi yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) qiyoslashdan oʼtkazish xizmatini koʼrsatadi.

Ushbu laboratoriya Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 avgustda “Yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan oʼtkazish va oʼrnatish boʼyicha davlat xizmatlari koʼrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi 698-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil topgan.

Maʼlumot uchun: Mazkur qaroriga asosan, energo resurslarni (elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni) hisobga olish uskunasini yechish, qiyoslashdan oʼtkazish va oʼrnatish boʼyicha arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Hisoblagichlarni yechish va qayta joyiga oʼrnatish hamda, nosoz boʼlganda taʼmirlash yoki yangisiga almashtirish (taʼminlash) tegishliligi boʼyicha taʼminotchi korxonalar zimmasiga yuklatilgan.

Foydalanuvchi va isteʼmolchilarga qulaylik yaratish maqsadida murojaatlar bilan ishlash uchun “Oʼzbekiston milliy metrologiya instituti” tomonidan metrologiya.nim.uz maxsus dasturiy taʼminoti yaratilgan. Аyni damda dasturiy taʼminot Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilingan boʼlib, ushbu tizimidan murojaatlar kelib tushmoqda.

Ushbu dasturiy taʼminot yordamida qiyoslash uchun ariza bergan isteʼmolchi oʼzinig maxsus ID raqami yoki hisoblagichning zavod raqamini kiritish orqali metrologik xizmat koʼrsatish ishlari qanday statusda ekanligidan xabardor boʼlishi yoki xulosasini yuklab olish mumkin. Bundan tashqari, hisoblagichlar uchun rasmiylashtirilgan guvohnoma (sertifikat) va xabarnomalar elektron shaklda maxsus himoyalangan QR-kod bilan bazada saqlangan holda rasmiylashtiriladi. Bu esa oʼz navbatida,

  • Аxoli uchun qulaylik
  • Rasmiylashtirilgan guvohnoma (sertifikat) yoki xabarnomani soxtalashtirishni oldini olish
  • Rasmiylashtirilgan guvohnoma (sertifikat) yoki xabarnomani istalgan vaqtda yoki yoʼqolgan taqdirda internet yordamida bazadan osongina yuklab olish imkoniyatlarini beradi.

Maxsus QR-koddan foydalnish uchun isteʼmolchi oʼz telefoni yordamida toʼrtburchak shakildagi QR-kodni skanerlasa kifoya.

Maishiy hisoblagichlarni qiyoslash laboratoriyasi elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suv hisoblagichlarini avtomatik tarzda qiyoslash uchun moʼljallangan boʼlib, Koreya va Xitoy Respublikalarida ishlab chiqarilgan maxsus uskunalar bilan taʼminlangan.

Xozirgi kunda ushbu laboratoriyada maishiy hisoblagichlarni qiyoslash boʼyicha quyidagi imkoniyatlar mavjud.

  • Bir va uch fazali elektr energiyasi hisoblagichlarini 0.05 aniqlik sinfi bilan tok kuchi 3 × 0.1 ÷ 120 А, kuchlanish 3 × 57.7 ÷ 380 V qiyoslash;
  • G4 dan G10 gacha diametrlik membranali va elektron gaz hisoblagichlarni 0.02 aniqlik sinfida 0.04 m3/h dan 23 m3/h gacha qiyoslash;
  • 15 dan 32 gacha diametrlik ichimlik va issiq suv hisoblagichlarni 0.5 aniqlik sinfi bilan 0.03 m3/h dan 30 m3/h gacha qiyoslash.