Massa o`lchash bo`limi

Bo`lim boshlig`i: Muminxodjayev Sunnat Akbarxodjayevich
tel: 78 1502604

Bo`lim Respublikamizning metrologiya tarixida birinchi ochilgan laboratoriya asosida tashkil etilgan. Tarixga nazar solinsa, 1923 yilda Toshkent shahrida tarozilar laboratoriyasi tashkil qilinib, unda 1928 yilgacha faqat savdo tarozilari, toshlar, hajm o`lchashlari, shuningdek laboratoriyadagi namunaviy o`lshashlar metrologik tekshiruvdan o`tkazilgan. Keyinchalik sanoat rivojlanishi va o`lchashlarga bo`lgan talabning ortishi natijasida bo`lim faoliyati takomillashtirilib borilgan. Hozirgi kunda bo`limda 2 ta yirik statsionar va 1 ta ko`chma laboratoriyalar  faoliyat yuritmoqda.

Analitik va pretsizion massa o`lchash vositalarini metrologik tekshiruvdan o`tkazish laboratoriyasi

Laboratoriya I toifali namunaviy tarozilar, mass-komparatorlar va tarozi toshlari bilan jihozlangan. Ushbu laboratoriyada F1, F2, M1 aniqlik sinfidagi, o`lchash ko`lami 1 mg dan 20 kg gacha bo`lgan tarozi toshlari hamda maxsus (I) va yuqori (II) aniqlik klassidagi laboratoriya tarozilari metrologik tekshiruvdan o`tkaziladi. Shuningdek laboratoriyada turli analitik massa o`lchash operatsiyalari ham amalga oshiriladi.

Ushbu laboratoriyaga 2015 yilgi rivojlantirish dasturlari asosida Shveysariyada ishlab chiqarilgan o`ta yuqori aniqlikdagi ultramikro tarozi xarid qilindi (o`lchash chegarasi/diskretligi – 52 g / 1 µg).

2016 yilgi rivojlantirish dasturi asosida bo`limda Koreyada ishlab chiqarilgan analitik laboratoriya tarozisi (komparator va tarozi sifatida ishlatiladi) xarid qilindi (o`lchash chegarasi/diskretligi – 220 g / 10 µg).

Statik o`lchash tarozilari va M1 klassdagi toshlarni metrologik tekshiruvdan o`tkazish laboratoriyasi

Laboratoriya mass-komparator va tarozi toshlari bilan jihozlangan. Mazkur laboratoriyada o`rta (III) va oddiy (IIII) aniqlik klassidagi sahnli, tibbiyot, savdo, pochta va boshqa turdagi tarozilar, shuningdek M1, M2 va M3 aniqlik klassidagi toshlar metrologik tekshiruvdan o`tkaziladi.

2015 yilda laboratoriyaga xalqaro talablarga mos keluvchi, jahonda yetakchi o`rinda turuvchi Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy mass-komparator va uni yustirovka (CAL) qilishda qo`llaniladigan F2 aniqlik klassidagi etalon toshlar xarid qilindi. Natijada nominal o`lchash og`irligi 500 kg, 1000 kg va 2000 kg bo`lgan M1 etalon toshlarning metrologik tekshiruvi yo`lga qo`yildi

Ixtisoslashtirilgan transport vositalari tarozilarini qiyoslash ko`chma laboratoriyasi

Me`yoriy hujjatlarga asosan avtotransport vositalarining vaznini o`lchashda qo`llaniladigan tarozilarni qiyoslashda etalon toshlarning og`irligi tarozi o`lchash chegarasining eng kamida 25 % ni tashkil qilishi lozimligi belgilab qo`yilgan. Shunga ko`ra ishlab chiqarish korxonalaridagi 100 t gacha diapazonga ega bo`lgan tarozilarini metrologik tekshiruvdan o`tkazishda kamida 25 t etalon toshlar zarur bo`ladi

Bo`limda 2015 yil sentyabr oyidan Respublikada yagona bo`lgan yuk avtomashinasi asosida ixtisoslashtirilgan ko`chma laboratoriya faoliyati yo`lga qo`yildi. Mazkur ko`chma laboratoriya nominal og`irligi 1000 kg bo`lgan 24 dona etalon toshlar hamda 20 kg nominal og`irlikdagi 50 dona namunaviy toshlar bilan jihozlangan. Ushbu ko`chma laboratoriya tarozilarni o`rnatilgan joyida metrologik tekshiruvdan o`tkazish imkoniyatini beradi.

Bo`limda 2018 yildan boshlab kichik hajm o`lchash vositalarini metrologik tekshiruvidan o`tkazish yo`lga qo`yilgan. Shuningdek, 1 mg dan 20 kg gacha bo`lgan elektron tarozilar  kalibrlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda bo`limning tarozi toshlarini tekshirish imkoniyati quyidagi jadvalda keltirilgan.