Faxrimiz… Usmonqulov Sharofjon Qodirqulovich

Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti (OʻzMMI) ning navbatdagi faxriy xodimi Sharofjon Usmonqulovdir. U Texnika fanlari boʻyicha Falsafa doktori (PhD), institutning sertifikatlashtirish idorasi rahbari, sinov vositalari, metrologik jihoz va uskunalarni sertifikatlashtirish boʻyicha ekspert-auditor.

Hamkasbimiz 1980-yilda Jizzax viloyatining Zomin tumanida tugʻilgan, 2001-yilda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti Toʻqimachilik sanoati texnologiyasi mutaxassisligi boʻyicha bakalavr, 2003-yili magistratura bosqichini tamomlagan.

U faoliyatini 2004-yilda Standartlashtirish metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy tadqiqot institutida ilmiy xodim sifatida ish boshlagan. Shu bilan birga Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutining mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy ishini davom ettirgan.

Toshkent shahar sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasida sertifikatlashtirish boʻyicha, shu markazning sertifikatlashtirish idorasi rahbari va “Oʻzstandart” agentligida bir qator lavozimlarda faoliyat olib bordi.

Muvofiqlikni baholash sohasida faoliyatini toʻxtatmasdan, mustaqil izlanuvchi sifatida olib borilgan ilmiy ishlar natijalari bir qator konferensiyalarda maʼruza orqali, 20 dan ortiq maqolalari Germaniya, Rossiya, Qozogʻiston Respublikasining jurnallarida va 60 dan ortiq tezis va maqolalari respublikamizdagi gazeta va jurnallarda eʼlon qilib borilgan. Olib borilgan ilmiy tadqiqotlar, joriy qilingan yangiliklar uchun Oʻzbekiston Respublikasi intelektual mulk agentligi tomonidan 6 ta patent rasmiylashtirilgan.

Ayni paytda OʻzMMI sertifikatlashtirish idorasini boshqarayotgan hamkasbimiz Sharofjon Usmonkulov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti huzuridagi ilmiy kengashning qaroriga koʻra Texnika fanlari boʻyicha Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga loyiq koʻrilgan.

Hozirgi kunda faxriy yosh olimimiz sohada bir qator shogirdlar tayyorlab, ularga ilmiy maslahatchi sifatida oʻz bilim va koʻnikmalarini oʻrgatib kelmoqda.

Matbuot xizmati